You tube rekordchilari

PewDiePie nikli blogerning YouTube-kanali 2018 yili eng ommabop edi. Biroq kuni kechagina hindlarning T-Series kanali uni quvib o‘tdi va hatto butun videoxosting tarixida rekord o‘rnatdi – 100 million obunachiga ega bo‘ldi.
Aytib o‘tish kerakki, T-Series kanalida hind kliplari va kinofilmlar treylerlari e’lon qilib kelinadi. Hindistonning badiiy filmlari, ulardagi qo‘shiqlar xalqimizga avvaldan manzur bo‘lib kelganini hisobga olsak, ushbu YouTube-kanal ham sizga yoqsa kerak.
Ommabopligi bo‘yicha undan keyingi o‘rinda kelayotgan PewDiePie ko‘rsatkichlari ham chakkimas – uning obunachilari soni 96 million nafardan oshiq.
Qizig‘i shundaki, T-Series kanali YouTube videoxostingida 2006 yiliyoq ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, oradan to‘rt yil o‘tibgina unda roliklar e’lon qilina boshlagan. Deyarli o‘n yil mobaynida unda kuniga o‘rtacha beshtadan yangi videolavha chiqadi.
Ammo uning ommalashuvi 2018 yilga to‘g‘ri keladi – har oyda kanal obunachilari soni 3–5 millionga oshib kelaverdi! Shu tariqa, T-Series keyingi uch yil mobaynida 90 million nafar yangi obunachi to‘play oldi.

0 Comments