O'zbekistonlik dastur ishlab chiqaruvchilar o'z mobil ilovalarini Play Market bozorida sotishlari mumkin

O'zbekistonlik dastur ishlab chiqaruvchilar o'z mobil ilovalarini Play Market bozorida sotishlari mumkin

2018-yil iyun oyida Google kompaniyasi o'zining android qurilmalar uchun eng yirik elektron bozori bo'lmish Play Marketda O'zbekistonlik dasturchilarga "Merchant Account" ochish uchun ruhsat berdi. Bu nima degani, keling, shu haqida batafsil to'xtalib o'tsak.

Avvallari yuritimiz dasturchilari o'zlari yaratgan ilovalarni Play Marketga qo'yishi hamda BEPUL(!) tarqatishi mumkin edi. Ilovalarni pullik qilish yoki ilovalar ichida pullik kontentlarni sotishlari uchun dasturchi "Merchant Account" ga ega bo'lishi kerak.  Bu imkoniyat esa yurtdoshlarimizga mavjud emas edi.

Merchant Account - bu Play Market bozorida sotish huquqiga ega bo'lgan "tadbirkor" yoki "biznesmen" profilidir. Ushbu toifadagi profilga ishlab chiqargan ilovalaringiz orqali turli qonuniy yo'llar orqali daromad topish uchun huquq berilgan. Ya'ni dasturchi-tadbirkor ilovalarni yoki ilovalar ichida raqamli tovarlarni (masalan o'yinlarda bosqichlar, tangalar,  qurollar...) sotishidan tushgan tushumlar dasturchining ko'rsatilgan bank hisob raqamiga o'tkazilib beriladi. 

Avvallari yurtimizda banklar va global to'lov tizimlari (SWIFT) o'rtasida ko'pgina cheklanishlar, qolaversa erkin valyuta siyosati bo'lmagani uchun android ilovalar bozorida yurtimiz dasturchilari uchun Merchant Account ochish imkoniyati yo'q edi. So'nggi yillarda ro'y bergan bank-moliya tizimidagi liberallashuv Google tarafidan bu cheklanishni olib tashlanishiga sabab bo'lgan bo'lsa ajab emas.

Demak, O'zbekistonliklar android ilovalar yaratishi hamda Play Marketda cheklanmagan miqdorda daromad topishlari mumkin.

Biror tovar ishlab chiqaruvchilar yaxshi bilsa kerak, qanday qilib jahon bozoriga ishlab chiqarilgan tovarlarni olib chiqish nechog'li mushkul va uzoq davom etadigan, katta xarajat talab qiladigan jarayon ekanligini. Lekin bu qiyinchiliklar mobil ilovalar uchun umuman taalluqli emas!

Biror bir foydali va ommabop mobil ilova yaratgan holda siz Play Market, Yandex Store, App Store kabi global bozorlarda o'z ilovangizni sotish va daromad topishingiz uchun hech qanday ma'muriy yoki moliyaviy to'siqlar yo'q.

Ilovalar qanday usullar bilan pul olib kelishi mumkin, bular haqida keyingi postlarimizda batafsil to'xtalib o'tamiz. Muhimi endi barchamizga bozor ochiq!

0 Comments